MK Leasing mas’uliyatli moliyalashtirish tamoyillari

15.10.2026
MK Leasing mas’uliyatli moliyalashtirish tamoyillari

Moliyaviy xizmatlar faqat raqamlar, shartnomalar va samaradorlik ko‘rsatkichlaridan iborat emas. Kompaniyaga kelib tushgan har bir murojaat ortida qo‘llab-quvvatlashga, rivojlanish va oldinga intilish imkoniyatiga muhtoj inson, oila, tadbirkor yoki biznes turadi.

Bugungi sharoitda moliya bozori tobora raqamlashtirilmoqda va avtomatlashtirilmoqda. Shu bilan birga, odamlar shaxsiy holatini e’tiborga olmaydigan munosabat, murakkab tartib-taomillar hamda haqiqiy hayotiy vaziyatlar hisobga olinmagan qarorlarga tobora ko‘proq duch kelmoqda.

MK Leasing o‘z faoliyatida mijoz manfaatlariga yo‘naltirilgan yondashuvga sodiqligini tasdiqlaydi. Bu yondashuvning asosiy tamoyili — har bir moliyaviy qaror markazida inson turishi kerak.

Biz lizingni o‘z-o‘zidan maqsad sifatida emas, balki quyidagilar uchun vosita sifatida ko‘ramiz:

  • mamlakatda kichik, o‘rta va yirik biznesni rivojlantirish;
  • xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash;
  • barcha yoshdagi insonlarning imkoniyatlarini kengaytirish;
  • kompaniya va mijoz o‘rtasidagi muloqot hamda hamkorlikda inson qadr-qimmatini saqlash.

Bizning vazifamiz shunchaki texnikani lizingga berish emas. Bizning vazifamiz — insonlarga yechim topishda yordam berish.

Tamoyillarning maqsadi — yagona ish standartini saqlash.

  • Ushbu standartga ko‘ra, mijoz manfaatlari kompaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlari bilan teng darajada hisobga olinadi;
  • foyda adolatli va barqaror yo‘l bilan olinadi;
  • MK Leasing rahbariyati lizing ajratish bo‘yicha qarorlarni bir tomonlama manfaat olishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan boshqa omillarga emas, mijozlarni tekshirish natijasida olingan ma’lumotlarga asoslanib qabul qiladi;
  • texnologiyalar insonlar bilan ishlashda yordam beradi, ammo insoniy munosabatning o‘rnini bosmaydi.

Asosiy tamoyillar

1. Har bir qarorda inson manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish

Har qanday mahsulot, xizmat, qoida, reklama kampaniyasi yoki ichki jarayonni joriy etishdan oldin xodimlar va rahbariyat o‘zlariga quyidagi savolni berishlari shart: «Bu haqiqatan ham mijozga yordam beradimi yoki asosan faqat kompaniyaga foyda keltiradimi?»

Agar qaror:

  • mijoz hayotini murakkablashtirsa;
  • adolatsiz sharoitlar yaratsa;
  • insonni chalg‘itsa;
  • mijoz ongli ravishda qaror qabul qilmagan holda unga moliyaviy yuk keltirib chiqarsa.

U MK Leasing qadriyatlariga mos kelmaydi.

Menejerlar:

  • bitim shartlarini halol tushuntirishlari shart;
  • xatarlar yoki qo‘shimcha xarajatlarni yashirmasliklari kerak;
  • birinchi navbatda, kompaniya uchun eng foydali emas, mijoz uchun eng maqbul yechimni taklif qilishlari kerak.

Rahbarlar:

  • samaradorlikni faqat foyda bilan emas, balki mijoz tajribasining sifati bilan ham baholashlari shart;
  • «har qanday yo‘l bilan sotish» maqsadida xodimlarga bosim o‘tkazilishining oldini olishlari kerak.

Marketing:

  • mijozni chalg‘itadigan va’dalardan foydalanmasligi kerak;
  • muloqotni shaffoflik va ishonch asosida qurishi shart.

2. Avtomatlashtirish davrida insoniy muloqotni saqlash

Texnologiyalar o‘zaro hamkorlikni soddalashtirishi kerak, ammo mijozning o‘z murojaati yuzasidan bevosita inson bilan gaplashish imkoniyatini cheklamasligi lozim. Avtomatlashtirish jarayonlarni tezlashtirishga yordam beradi, lekin hech qachon inson va kompaniya o‘rtasidagi to‘siqqa aylanmasligi kerak.

Har bir mijoz quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak:

  • xodim bilan bevosita suhbatlashish;
  • tushuntira olish;
  • o‘z fikri va murojaati tinglanishi;
  • o‘z vaziyati individual tartibda ko‘rib chiqilishi.

Arizalar bilan ishlashda:

  • avtomatlashtirilgan tizim yakuniy qarorni mustaqil qabul qiluvchi vositaga aylanmasligi kerak;
  • murakkab holatlar xodim tomonidan alohida ko‘rib chiqilishi shart.

Sun’iy intellekt va skoring tizimlaridan foydalanishda:

  • qarorlar inson tomonidan tekshirilishi kerak;
  • munosib mijozlarga nisbatan adolatsiz rad javoblariga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.

Xizmat ko‘rsatishda:

  • mijoz befarqlikka duch kelmasligi kerak;
  • qaror qabul qilish tezligi muhim, ammo bunga inson qadr-qimmati hisobiga baholanish kerakmas.

3. Foyda olishda adolat tamoyillariga amal qilish

Foyda va axloqiy me’yorlar bir-biriga zid emas. Biroq mijozga nisbatan adolatsiz munosabat evaziga olingan qisqa muddatli manfaat ishonchga va kompaniya obro‘siga putur yetkazadi.

Barqaror biznes quyidagilarga asoslanadi:

  • halollikda;
  • shaffoflikda;
  • hurmatda;
  • uzoq muddatli munosabatlarda.

Kompaniya:

  • mijozlarning moliyaviy savodxonligi yetarli emasligidan foyda olish uchun foydalanmasligi kerak;
  • bitimning haqiqiy shartlarini tushunarli tilda izohlashi shart.

Xodimlar:

  • mijozga bosim o‘tkazmasliklari kerak;
  • hatto murakkab vaziyatlarda ham hurmatga asoslangan muloqot uslubini saqlashlari shart.

Rahbariyat:

  • kompaniya muvaffaqiyatini faqat daromadlilik bilan emas, balki uning ijtimoiy ta’siri bilan ham baholashi kerak.

4. MK Leasing savdolarini oshirish bilan birga mijozning hayot sifatini yaxshilashga intilish

Har bir investitsiya ortida insonning o‘z hayotini yaxshilash yoki biznesini rivojlantirish istagi turadi.

Bizning vazifamiz:

  • lizing vositalari orqali mijozlarning o‘sishiga yordam berish va ularning barqarorligini mustahkamlash;
  • mamlakatda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun sharoit yaratish.

Biz o‘z ishimizni faqat tuzilgan shartnomalar soni bilan emas, balki quyidagi natijalar bilan ham baholaymiz:

  • tadbirkorga biznesini saqlab qolish yoki rivojlantirishda yordam berdikmi;
  • oilaga zarur avtomobil yoki boshqa texnikani xarid qilish imkonini yaratdikmi;
  • mamlakatda qishloq xo‘jaligi yoki boshqa infratuzilmaning rivojlanishini qo‘llab-quvvatladikmi.

5. Mijozlarning moliyaviy savodxonligini oshirish

Biz moliyaviy savodxonlikni o‘z ijtimoiy mas’uliyatimizning bir qismi deb bilamiz. Vazifamiz shunchaki xizmat ko‘rsatish emas, balki mijozga puxta o‘ylangan va ongli moliyaviy qarorlar qabul qilishda yordam berishdir.

Mijoz quyidagilarni tushunishi kerak:

  • lizing qanday ishlashini;
  • uning kreditdan qanday farq qilishini;
  • shartnoma tuzilganda qanday majburiyatlar yuzaga kelishini;
  • moliyaviy yuk uning budjeti yoki biznesiga qanday ta’sir qilishini;
  • to‘lovlar kechiktirilganda qanday oqibatlar yuzaga kelishi mumkinligini.

Kompaniya quyidagi majburiyatlarni oladi:

  • moliyaviy mahsulotlarni sodda va tushunarli tilda izohlash;
  • mijozga o‘z imkoniyatlarini xolis baholashda yordam berish;
  • shartnoma imzolanishidan oldin xatarlar va javobgarlik haqida ma’lumot berish;
  • moliyaviy savodxonlik bo‘yicha o‘quv materiallarini yaratish;
  • moliyaviy majburiyatlarga mas’uliyat bilan yondashish madaniyatini shakllantirish.

6. Shaffoflik va halollik orqali ishonchni shakllantirish

Ishonchni faqat reklama yoki ishonchlilik haqidagi bayonotlar bilan shakllantirib bo‘lmaydi. U kompaniyaning kundalik faoliyati, qarorlarining izchilligi va insonlarga halol munosabati orqali shakllanadi.

Ayniqsa, moliya bozorining ayrim ishtirokchilari insofsiz amaliyotlar tufayli mijozlar ishonchini yo‘qotgan sharoitda ham, MK Leasing shaffoflikni majburiy ish standarti deb hisoblaydi.

Kompaniya quyidagi majburiyatlarni oladi:

  • to‘lovlar tarkibi va shartnoma shartlarini ochiq tushuntirish;
  • qo‘shimcha xarajatlar yoki cheklovlarni yashirmaslik;
  • reklama va muloqotda chalg‘ituvchi iboralardan foydalanmaslik;
  • rad javobi berish yoki bitim shartlarini o‘zgartirish sabablarini halol tushuntirish;
  • har bir bosqichda mijoz uchun tushunarli va shaffof hamkorlik jarayonini ta’minlash.

7. Har bir xodimning mas’uliyatini belgilash

Inson manfaatlariga yo‘naltirilgan yondashuv faqat bitta bo‘limning vazifasi emas. Bu menejerlar, marketing mutaxassislari, yuristlar, xavfsizlik xizmati, rahbarlar — kompaniyaning har bir xodimi zimmasidagi mas’uliyatdir.

Qaror qabul qilish standarti

Har qanday qarorni qabul qilishdan oldin xodim o‘ziga quyidagi savollarni berishi kerak:

  1. Ushbu qaror mijozning vaziyatini yaxshilashga yordam beradimi yoki asosan faqat kompaniyaga foyda keltiradimi?
  2. Qarorimiz faqat rasmiy mezonlarni emas, mijozning haqiqiy holatini ham hisobga olganda adolatlimi?
  3. Ushbu qarorning barcha shartlari, xatarlari va oqibatlarini mijozga yetarlicha tushunarli va shaffof tarzda izohladikmi?
  4. Hamkorlikning har bir bosqichida, jumladan rad javobi berilganda yoki nizoli vaziyatlarda ham mijozga hurmat va insoniy munosabatni saqlayapmizmi?
  5. Qarorimiz sabablarini mijozga telefon orqali yoki shaxsiy uchrashuvda ochiq, xotirjam va halol tushuntira olarmidik?

Agar savollardan hech bo‘lmaganda bittasiga javob salbiy bo‘lsa, qaror qayta ko‘rib chiqilishi kerak.

Ushbu tamoyillarning MK Leasing uchun ahamiyati

Biz shunchaki texnikani lizingga beradigan kompaniya bo‘lishni maqsad qilmaymiz.

Biz quyidagilarga intilamiz:

  • ishonchli hamkor va mijozlar ishonadigan kompaniya bo‘lishga;
  • hatto murakkab hayotiy vaziyatlarda ham insonlarga oldinga intilishda yordam beradigan tashkilot bo‘lishga.

Muvaffaqiyatimiz faqat moliyaviy natijalar bilan emas, balki quyidagilar bilan ham o‘lchanadi:

  • mijozlar ishonchi qanchalik mustahkamlanayotgani;
  • hamkorlarimiz biznesi qanchalik rivojlanayotgani;
  • biz bilan ishlayotgan insonlarning hayot sifati qanchalik yaxshilanayotgani.

Xulosa

Mas’uliyatli moliyalashtirish reklama shiori yoki vaqtinchalik tashabbus emas.

Bu quyidagilarni belgilashi kerak bo‘lgan tamoyildir:

  • qarorlarimizni;
  • mahsulotlarimizni;
  • xizmat ko‘rsatishimizni;
  • korporativ madaniyatimizni.

Chunki har qanday moliyaviy qaror markazida doimo inson turishi kerak.